O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o’tkazib kelinayotgan an’naviy ko’rik-tanlov yurtimizda tadbirkorlik, fermerlik hamda milliy hunarmandchilik faoliyati jadal rivojlanishida katta ahamiyatga ega
QO’QON ShAHRI
Tanlovning Qo’qon shahar bosqichida 80 ga yaqin tadbirkor va hunarmand ishtirok etdi. “Ayubxon tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bugungi kunda yuz turdan ortiq trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
“Baraka mega biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yuqori sifatli choylar, milliy shirinliklar va konserva mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar asosidagi mahsulotlar ichki bozorda xaridorgir. “Bonjur” korxonasida ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlari va pishiriqlar esa barchaga manzur bo’lmoqda.
«Mirus textil group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alijon Mamayusupov “Eng yaxshi tadbirkor” yo’nalishida birinchi o’rinni egalladi. Kandakor usta Foziljon Obidov “Eng yaxshi hunarmand” deb e’tirof etildi.
– Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub’ektlari faoliyatini har tomonlama qo’llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi «Mirus textil group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alijon Mamayusupov. – Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan paypoqlar to’liq eksport qilinmoqda. Joriy yilning o’tgan davrida Rossiyaga 267 ming AQSh dollarlik mahsulotni eksport qilishga erishdik. Yaqinda yangi tarmoqni ishga tushirish natijasida 40 nafar yoshlar ish bilan band bo’ldi.
M. SULAYMONOV.
FARG’ONA ShAHRI
Shaharning 1- bolalar musiqa va san’at maktabida bo’lib o’tgan “Tashabbus–2017” ko’rik-tanlovi farg’onalik tadbirkor, hunarmand, fermerlarni sinovdan o’tkazdi.
Yakka tartibdagi tadbirkor Muhayyoxon Solieva gilamdo’z. Milliy qadriyatlarimizning eng ko’hna namunalaridan biri bo’lgan gilamdo’zlik san’atini yoshlarga o’rgatib keladi. Bu yil 10 nafar kasb-hunar kolleji o’quvchilarini ish bilan ta’minladi.
2006 yildan buyon fermerlik bilan shug’ullanib kelaman, – deydi “Sabzavotkor Salimaxon tarovati” fermer ho’jaligi rahbari Salimaxon Shokirova. – 18 gektar er maydonining 12,5 gektariga baraka urug’ini qadadik. Qolgan qismida kartoshka, sabzi, karam kabi sabzavotlar etishtirib, elimiz dasturxoniga tortiq etib kelyapmiz.
Tanlov yakunida g’oliblar aniqlanib, ularga qimmatbaho sovg’alar topshirildi.
«MODERNA CERAMIC INDUSTRIES FERGANA» qo’shma korxonasi ijrochi direktori Dilmurod Ahmedov “Eng yaxshi tadbirkor” deb topildi. Origami san’ati ustasi Surayyoxon Norxodjaeva “Eng yaxshi hunarmand”, “Buloq-as” fermer ho’jaligi rahbari Abduolim Ishboev “Eng yaxshi fermer” nomintsiyalarida birinchi o’rinni qo’lga kiritdi.
Kamola POLVONOVA.
QUVASOY ShAHRI
Zebuniso nomli aholi dam olish va madaniyat markazida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, sanoat korxonalari, fermerlar va hunarmandlar o’z mahsulotlari ko’rgazmasini tashkil etishdi.
– “Quvasoy ulkan rivoj” xususiy korxonamiz non mahsulotlari ishlab chiqaradi, – deydi ko’rik-tanlovning shahar bosqichi ishtirokchisi, korxona rahbari Hakimjon Zokirov. – Tanlovda tadbirkorlik yo’nalishida ishtirok etayotganligimdan xursandman.
Gulnozaxon Kenjaeva Quvasoy sanoat kasb-hunar kollejida o’quvchilarga ingliz tilidan saboq beradi. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tgan, milliy hunarmandchilik mahsulotlari – adras, atlas, beqasam matolaridan bolalar o’yinchoqlari yasaydi.
–Respublika, xalqaro ko’rgazmalarda dasturxonchalar, qutichalar, galstuklar, turli ayollar bezaklari bilan ishtirok etib kelyapman, – deydi yosh hunarmand. – “Tashabbus-2017” tanlovi shahar bosqichining hunarmandchilik yo’nalishida g’oliblar qatorida bo’lganim orzularimga faqat qanot beradi.
– Fermer xo’jaligimiz asalarichilikka ixtisoslashgan bo’lib, 650 ta asalari oilasini parvarish qilamiz. Zomin tog’larida, Qamchiq dovonida, Quvasoy bog’larida asalarilarimiz bol yig’ishadi. Ko’rik-tanlovning viloyat bosqichiga yo’l olganimiz esa faoliyatimizni yanada kengaytiradi, –deydi Tolibjon G’anijon asalarichi fermer” fermer xo’jaligi rahbari Rasuljon Yo’ldoshev.
G’oliblarga shahar hokimligi faxriy yorliqlari viloyat bosqichida qatnashish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
Sohiba ABDURAHMONOVA.
MARG’ILON ShAHRI
Ko’rik-tanlovning Marg’ilon shahar bosqichida 60 dan ziyod xususiy tadbirkor va hunarmandlarning ish namunalari va faoliyati hakamlar hay’ati tomonidan adolat baholab borildi.
– Bugun elimga foydam tegsin, degan ezgu niyatli kishi borki, ular uchun barcha shart-sharoit hozirlab berilgan, – deydi “Marg’ilon asl mebel jihozlari” oilaviy korxonasi rahbari Alisher Hakimov. – Korxonamizda tayyorlanayotgan stol-stul, mebel jihozlari, oshxona buyumlari uchun javonlar, yog’och va akfa eshik romlari buyurtmachilarimiz uchun ham ma’qul kelmoqda. Bularning barchasiga tadbirkorlik imkoniyatlari tufayli erishyapmiz. “Tashabbus” ko’rik-tanlovi esa katta maqsadlarimiz sari parvoz bo’ladi.
Tanlovning yakuniy natiijalariga ko’ra “Eng yaxshi hunarmand” yo’nalishi bo’yicha 1-o’rinni Nurmuhammad Valiev egalladi. “Eng yaxshi tadbirkor” yo’nalishi bo’yicha 1-o’rin “Muhammad Salom Omina” xususiy korxonasiga nasib etdi. Shuningdek, tanlovda yana bir qator nominatsiya g’oliblari aniqlandi.
G’oliblarga shahar hokimligi, shahar “Hunarmand” uyushmasi, shahar savdo-sanoat palatasi va boshqa hamkor tashkilotlarning laureatlik diplomi va qimmatbaho sovg’alari topshirildi.
Madaminjon SOLIJONOV.
OLTIARIQ TUMANI
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun an’anaviy ravishda o’tkazib kelinadigan “Tashabbus-2017” ko’rik-tanlovining tuman bosqichi tantanali ravishda tashkil etildi.
Madaniyat va aholi dam olish markazida tadbirkor, hunarmand va fermerlar o’z mahsulotlari ko’rgazmasini namoyish etishdi. Hakamlar hay’ati tomonidan esa ko’rgazma faoliyati, ishtirokchilarning faoliyat ko’lami va yutuqlari sarhisob etilib, shunga munosib tarzda rag’batlantirildi.
Yakka tartibdagi tadbirkor Kamoliddin Omonov “Eng yaxshi tadbirkor”, “Sado” xususiy korxonasi rahbari Rahmonali Nortojiev “Eng yaxshi hunarmand”, “G’anijon Umidjon mevalari” fermer xo’jaligi boshlig’i Umidjon Bozorov “Eng yaxshi fermer” sifatida tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo’lga kiritishdi.
Shuningdek, “Eng faol tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi soliq to’lovchi”, “Eng yaxshi yosh tadbirkor”, “Eng ko’p ish o’rni yaratgan tadbirkor”, “Eng ko’p eksportni amalga oshirgan tadbirkor” kabi nominatsiyalar bo’yicha ham g’oliblar aniqlanib, tuman hokimligining faxriy yorlig’i hamda esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.